Avvalo HTML ni o'rganishni boshlab to'g'ri qilibsiz. Hujjatlar faqat domen olish uchun kerak bo'lishi mumkin. Sayt ochish uchun esa hujjat talab etilmaydi. Oddiy web sayt html va css dan iborat ham bo'la oladi, agar shaxsiy sayt deganda o'zingiz haqingizda saytni nazarda tutgan bo'lsangiz, buning uchun html+css yetarli bo'ladi.
Boshqa murakkabroq saytlar uchun php va js ni bilish talab etiladi. Bularni hammasini o'rganish kerak. Xosting oling, google`da uz xosting deb so'rov bersangiz, variantlar chiqadi. Aynan o'zimizni xostinglardan olish shart emas, internetda boshqa davlatlarda ro'yxatga olingan virtual xosting xizmatini taklif etuvchilar ko'p, hatto bepul xostinglar ham mavjud.
Eng yaxshi yo'li html+css ni o'rgangandan so'ng, WordPress degan CMS bilan ishlash, unda ko'plab oldindan tayyorlangan funktsiya va plaginlar mavjud, ko'p boshni qotirish va kod yozish talab etilmaydi.
Web sayt yaratish uchun hech qanaqa dasturlar yuklash kerak emas, barchasini (ya'ni html, css, js va php fayllarni) oddiy bloknotda ham yaratsa bo'ladi, lekin unda kod yozish qiyin bo'lganligi sababli, maxsus IDE dasturlar olish mumkin. Eng taniqlisi FrontEnd (saytning foydalanuvchiga ko'rinadigan qismi) uchun WebStorm, backend (saytning server qismi) uchun PHPStorm, men xam shulardan foydalanaman, faqat bu dasturlar pulli hisoblanadi, litsenziya olish kerak. Bepul variantlaridan Notepad++ va Sublime kabi dasturlar bor.
Sayt ochish bir muammo, unga foydalanuvchilarni jalb etish esa ikkinchi muammo, bu yog'i endi alohida mavzu. Umumlashtiradigan bo'lsak, shaxsiy web sayt yaratish uchun:
- HTML + CSS ni o'rganish (zarur);
- Xosting va domen haqida ma'lumotga ega bo'lish (zarur);
- CMS nima va WordPress haqida ma'lumot olish (zarur emas, lekin ishni WordPress`dan boshash ma'qul);
Yuqoridagilarni bilgandan so'ng, sayt ochib bo'lgan bo'lishingiz kerak bo'ladi (agar to'liq o'rgangan bo'lsangiz). Bu albatta oddiy sayt bo'ladi. Mukammalroq o'rganish uchun esa:
- JavaScriptni o'rganish (zarur emas, lekin web saytlar uchun juda kerakli dasturlash tili) va DOM bilan ishlashni tushunish;
- Brauzerlar qanday ishlashini, Response Header`larni o'rganish (200 kod nima, 300 redirektlar, 400 xatoliklar va 500 server xatoliklari haqida);
- PHP ni o'rganish (backend funktsiyalarini o'zgartirish va yangiliklar kirita olish uchun);
- SEO va qidiruv tizimlari haqida tushuncha olish.
Albatta endi har birini chuqurroq o'rganish uchun yana internetdan qidirishga yoki savol berishga to'g'ri keladi. Yuqoridagi barchasini o'rganib bo'lsangiz, undan buyog'iga yo'l yo'riqni topish umuman qiyinchilik tug'dirmaydi.