Oʻzbek xalq dostonlarida vatanparvarlik timsoli
Oʻzbekiston – etnografik oʻlka. Boshqacha aytganda, baxshilar yurti. Qolaversa, oʻzbek xalq dostonlari ajdodlarimizning uzoq oʻtmishidan hikoya qiladi. Ularda xalqimizning orzu-umidlari, oʻy-niyatlari mujassam. Mardlik, shijoat, vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat kabi insoniy fazilatlar ulugʻlanadi dostonlarimizda. Shu sababli ham u boqiy meros. Baxshichilik sanʼati namunalari tinglovchilarga zavqu shavq bagʻishlabgina qolmaydi, balki dillarga yaxshilik urugʻini qadaydi, maʼrifat nurini sochadi. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish”ni eshitib ne-ne allomayu fuzalolar, shoiru donishlar kamol topmagan deysiz?!
Prezidentimiz ana shuning uchun ham ezgu tashabbus bilan chiqdi. Bu oʻlmas merosimizni asrab-avaylaylik, ulardan butun dunyo bahra olsin, dedi. Shu tariqa Xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga asos solinib, ushbu nufuzli tadbir har ikki yilda bir marotaba Termiz shahrida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.
“Baxshilar nafaqat oʻtmishning aks-sadosi, ayni paytda, bugungi kunning ham jarangdor ovozidir”, dedi oʻshanda davlatimiz rahbari. Chindan ham, ota-bobolarimiz hayot yoʻlidan, mardligu jasoratidan ibrat olib ulgʻaygan insondan yomonlik chiqishi mumkinmi?!
Birgina oʻzbek qahramonlik eposi – “Alpomish” dostonini olaylik. Qanchadan-qancha hikmat bor, tarix bor unda. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandlik, xalq oʻyinlari haqida qiziqarli maʼlumotlar ham talaygina.