1-Boshlovchi:
Assalomu-alaykum, aziz ustozlar, muhtaram o’quvchilar! Har yili an’anaviy o’tkaziladigan “Hosil bayramiga” xush kelibsiz!
2-Boshlovchi:
Jannatmakon yurtimiz, betakror tabiatga ega ona zaminimiz turfa ne’matlaridan tashkil topgan bugungi yarmarkani ochiq deb e’lon qilamiz!
1-Boshlovchi:
Zavqi baland azamat paxtakoru dehqonim,
Mo’l hosildan to’kindir dasturxonda but nonim,
Seni jahon tanidi, qadding rostla Turonim,
Kulib boqqin olamga ozod O’zbekistonim!
2-Boshlovchi:
Darhaqiqat, jannatmonand vatanimiz, tuprog’I zar, suvi gavhar ona zaminimiz bag’ridan rango-rang nozu-ne’matlar undirayotgan dasturxonlarimizni rizqu ro’zga to’ldirgan bobodahqonlarga ming tasanno, ming ofarin!
1-Boshlovchi:
Davraga kechamiz qahramoni Dehqonboboni taklif etamiz!
(Davraga qo’lida savat to’la mevalar bilan Dehqonbobo kirib keladi)
Dehqonbobo:
Assalomu alaykum, mening aziz bolajonlarim! Barchangizga “Hosil bayrami” muborak bo’lsin! Bugungi bayram kechangizga taklif qilganingizdan minnatdorman. Aziz nabiralarim, sizlar aqlli dono, zukko bolalarsiz. Yonib turgan ko’zlaringiz, jo’shqin shijoatingiz buni yaqqol aytib turibdi. Qani bugungi bayram tadbiriga qanday tayyorlandingiz, yurtimiz tabiati, shifobaxsh ne’matlari haqida nimalarni bilasiz?
2-Boshlovchi:
Bobojon, bizning bolajonlarimiz bugungi bayram tadbiriga ajoyib sher va qo’shiqlar, raqslar tayyorlaganlar. Marhamat, kechamizning mehmoni bo’lib bunga o’zingiz guvoh bo’ling!
(O’quvchilar tomonidan kuy va qo’shiqlar ijro etiladi)
1-Boshlovchi:
Aziz o’quvchilar,tabiat nematlari haqida nimalarni bilasiz?
2-Boshlovchi:
Hozir sizga mevalar tilga kirib o’z hususiyatlari haqida ma’lumot beradilar. Marhamat, tinglang!
O’RIK:
Meni derlar qand o’rik,
Vitaminga liq to’liq,
Rangim sariq, zarg’aldoq,
Olxo’riga men o’rtoq.
Gullarim xushbo’y, ko’rkam
Siylagan meni ko’klam,
Pishgach asalga to’lay,
Yurakka quvvat bo’lay!
OLMA:
Men sizlarni olmangiz,
Xomligimda olmangiz!
Nortojiga o’xshab so’ng
Voy qornim! deb qolmangiz!
Bog’larga chiroymanda,
Vitaminga boymanda!
Pishganimda emasangiz,
Qolasizda armonda!
GILOS:
Go’zal qizlar labidek
Yal-yal yonar yanog’im
Tabiatga ko’rk bergan
Har bir gulu-yaprog’im.
NOK:
Mevam o’xshar olmaga,
Xa, biroz qarindoshmiz,
Ra’nodoshlar oilasining
Madaniylariga boshmiz
Nihollarim nozikroq,
Kech kiraman hosilga.
Lekin parvarish bo’lsa,
Dehqonni ko’ngli to’lsa
Sharbatlarga to’laman,
Rosa quvvat bo’laman!
YONG’OQ:
Yog’och qobiq ichida
Moyga to’lganman juda
Quvvatsizga darmonman
Vitaminlarga konman.
Iltimosim bir faqat
Pishgunimcha qil toqat!
Yetilib pishib olay,
Tanangga quvvat bo’lay!
KO’KSULTON: Bolajonlar joniman
Ko’k meva sultoniman,
Maza qilib yesangiz
Vatanimning koniman.
1-Boshlovchi:
Aziz bolajonlar, mana mevalar haqida qancha ma’lumotlarga ega bo’lib oldik. O’ylaymanki, ularning so’zlariga amal qilib, dov-daraxtlarga ozor bermaysiz, mevalarni pishmasdan avval uzmaysiz!
2-Boshlovchi:
Bizning o’quvchilarimiz aqlli, dono, mehnatkash bolalar. Ular bog’va tomorqalarda, maktab yer uchastkasida mehnat qilib hosilning mo’l bo’lishida dehqonlarimizga, bog’bonlarimizga shuningdek, o’z ota-onalariga yordam beradilar. Hozir ular ishtirokida meva, sazavot va poliz ekinlarining hususiyatlari haqida ma’lumotlarni tinglaymiz.
(O’quvchilar ishtirokida meva va sabzavotlar haqida, ularning ahamiyati, o’sish sharoiti, tabiatdagi va insonlar hayotidagi ahamiyati haqida ma’lumotlar aytiladi)
-Bog’larimizdan keng o’rin olgan shirin shakar mevalar zahmatkash dehqonu mirishkor bog’bonlarimizning mashaqqatli mehnatlari bilan yetishtiriladi. Har bir daraxtning o’ziga xos shoxlanishi tufayli bir-birlariga soya solishi mumkin. Shuning uchun bog’bonlarimiz daraxtlarga muayyan shakl berish orqali shoxlarini qisqartirib, ildizdan kelayotgan suv va oziq moddalarni kerakli yo’nalishga solishadi. Daraxtlarga shakl berish asosan kech kuzda yoki erta bahorda o’simliklarda shira harakati boshlanmasdan oldin o’tkaziladi.
- Tabiatda keng tarqalgan tabiiy holda o’sadigan yovvoyi olma, olcha, nok,do’lana kabi daraxtlardan, na’matak, malina, qorag’at kabi butalardan payvandlash uchun bog’bonlarimiz foydalanadilar. Chunki, ular issiq-sovuqqa va kasalliklarga chidamli, serhosil bo’lganlari uchun yangi navlar yaratishda keng qo’llaniladi.
- Tuproq unumdorligini oshirishda ayniqsa dukkakli o’simliklar, xususan burchoiqdoshlar oilasining vakillarining ahamiyati katta. Chunki ularning ildizida tugunak bakteriyalar yashaydi. Bu bakteriyalar esa havodagi erkin azotni o’zlashtirib, tuproqni azot birikmalariga boyitadi. Burchoqdoshlar oilasiga mansub beda, loviya, mosh kabi o’simliklar ekilgandan so’ng tuproq unumdorligi ortib hosil mo’l bo’ladi. Shuning uchun yerga ishlov berishda, ayniqsa almashlab ekishni joriy qilish zarur, chunki har yili tuproqqa bir xil ekin ekish hosildorlikni va tuproq unumdorligini pasaytiradi.
- O’simliklar gullab changlangandan so’ng ulardan meva hosil bo’ladi. Hamma o’simliklar ham meva tugavermaydi. Faqatgina changlangan gullargina hosil beradi. Gullarning changlanishida hashorotlarning ayniqsa, asalarilarning ahamiyati katta. Bir gramm asal yig’ish uchun asalari yuzlab gulga qo’nadi. Bir guldan ikkinchi gulga qo’nganda gul changini ham olib o’tib gullarni yaxshi changlantiradi. Shuning uchun bog’bonlarimiz o’simliklar gullagan paytda asalari qutilarini bog’larga olib chiqadilar. Bu esa ham mo’l hosil ham sifatli asal olish imkonini beradi.
Dehqonbobo:
Barakalla, bolalarim, siz dov-daraxtlar, meva va urug’lar hattoki gullarning changlanishini ham yaxshi bilar ekansiz. Shuning uchun sizlarga sovg’a tayyorlab kelganman.