Yo’qolgan yoki o’g’irlangan telefonni topish — usullari, onlayn xizmatlar

Deyarli har bir kishi telefonni o’g’irlanishi yoki yo’qotilishi bilan duch kelgan bo’lsa kerak. Agar o’zi bilan sodir bo’lmasa ham, hech bo’lmaganda tanishlari orqali bu haqida eshitgan. Bir necha yil oldin yo’qotilgan telefonni topish murakkab masala hisoblangan va telefon qayerdaligini bilish imkonsiz bo’lgan. Ammo texnologiyalar rivojlanishi bilan smartfonlarni topish osonlashdi. Yo’qolgan telefonni topish uchun qanday yo’l tutish kerakligi haqida quyida batafsil bilib olasiz.

Kunlarning birida cho’ntagingizga qo’l solib, unda telefoningiz yo’qligini sezib qoldingiz. Shok va vahima — birinchi his etiladigan tuyg’ular. Siz yoki uni o’g’irlab ketishgan, yoki yo’qotib qo’yganingizni angladingiz… Birinchi navbatda raqamingizga qo’ng’iroq qilib ko’rish imkonini toping, ko’pincha odamlar hayol bilan bo’lib, uni noodatiy joyga qo’yishadi yoki umuman uyda qoldirib ketishadi. Qolaversa, insofli odamlar ham oz emas, agar u shunchaki tushib qolgan bo’lsa, topib olgan kishi qo’ng’iroqqa javob berib, uni sizga qaytarib berishi mumkin. Agar yuqoridagilar yordam bermasa yoki yordam bermasligiga ishonchingiz komil bo’lsa, quyidagi usullarni qo’llash mumkin.

iOS platformasidagi smartfonlarni topish

Apple kompaniyasi iPhone kabi smartfonlar yo’qotilishi vaziyatini oldindan ko’ra bilgan. Afsuski, yo’qolgan ayfonni topish uchun foydalanuvchi sozlamalarda mos funktsiyani faollashtirgan bo’lishi kerak. Albatta, sizda iCloud akkaunti bo’lishi va yo’qotilgan iPhone unga bog’langan bo’lishi kerak.

Shuningdek, agar smartfonga iCloud bog’langan bo’lsa, boshqalar uni hech qanday qilib faollashtira olmaydi. Hatto boshqa proshivka ursa ham, elektron pochta manzili va parolsiz uni ishga tushirib bo’lmaydi. Xullas, qurilmani masofadan boshqarish uchun iCloud.com saytiga o’tib, «Найти iPhone» ilovasiga kirish kerak. U yerda sizning akkauntingizga ulangan barcha qurilmalar ro’yxati chiqadi. Bundan tashqari, iOS uchun maxsus «Найти iPhone» dasturi ham shu funktsiyalarni bajaradi.

Dasturga kirganingizdan va smartfoningiz onlayn ekanligini ko’rganingizdan so’ng, siz bir nechta amal bajarishingiz mumkin. Birinchidan, smartfon qayerda ekanligini ko’ring, balki u uyga chap tushib qolgandir. Agar shunday bo’lsa, sayt yoki dastur orqali ovoz chiqarishga buyruq bering, qurilma shu zahotiyoq ovoz chiqarib, vibratsiya bera boshlaydi. Agar u yo’qolgan deb hisoblasangiz, yo’qotilganlik rejimini yoqing. Bu boshqa odamni ma’lumotlaringizni ko’rish imkonidan mahrum qiladi, ekranga siz yozgan xabarni chiqaradi va hozirgi xaritadagi joylashuvini yozib boradi. Agar smartfonni qaytarib bo’lmasligingizni anglab yetsangiz, telefondagi barcha ma’lumotlarni batamom o’chirib tashlash funktsiyasi ham bor.

iOS versiyasi 7`dan baland bo’lsa, uni 99,999999% odamlar blokirovkadan hech qanday usulda chiqara olmaydi, faqat o’ta bilimli dasturchilar buni eplay olishi mumkin (bu ham ehtimol). Bunday qurilmani qo’lga kiritgan odam uni tezda ehtiyot qismlariga sotib yuboradi yoki qonuniy egasiga ma’lum mukofot evaziga qaytarib berish haqida o’ylab ko’radi.

Agar telefoningizni noqonuniy ravishda qo’lga kiritgan inson sizga ta’ma qiladigan bo’lsa, birdan ichki ishlarga murojaat qilish kerak, hech qanday shartlariga ko’nmang va kelishuvga rozi bo’lmang.

Android platformasidagi yo’qolgan telefonni qanday topsa bo’ladi

Androidda ancha vaqt davomida yo’qotilgan yoki o’g’irlangan telefonni topish va kuzatish uchun hech qanday funktsiya yo’q edi. Shuning uchun ishlab chiqaruvchilar o’zlari bunday funktsiyani kiritishardi. Shu kabi yechimlar HTC, Samsung va boshqa yirik kompaniya smartfonlarida bor edi. Ammo hozirda operatsion tizimning o’zi telefonni qidirish uchun o’rnatilgan funktsiyaga ega. U Android device manager deb nomlangan va Google akkauntiga ulangan telefonni maxsus veb-sayt orqali masofadan boshqarishga imkon beradi.

Ushbu tizimdan foydalanib, iOS bilan bo’lgani kabi, telefon joylashuvini xaritada topish, bloklash, undan ma’lumotlarni o’chirish (SD-kartadan ham) yoki unda SIM-karta almashtirilgan bo’lsa ham, qurilmaga qo’ng’iroq qilish mumkin. Faqatgina bitta shart — u internetga ulanganligi va tizim hali ham sizning akkauntingizga bog’langanligi talab etiladi. Albatta ushbu xizmatning ishlashi uchun sozlamalardagi parametrni yoqish kerak. Настройки (Sozlamalar) → Безопасность (Xavfsizlik) → Администраторы устройств (Qurilma administratorlari) ga o’ting va Android Device Manager ni yoqing.

Xavfsizlik sozlamalarida Удаленное управление ni yoqilishini unutmang. Aks holda, xizmat yordam bermaydi.

Afsuski, Android iOS dan kamroq xavfsiz tizim (balki aksincha, yaxshilikkadir). Boshqa odam har doim qurilmaga kastom proshivka qo’yishi mumkin, bu holda Android Device Manager yordam bermaydi. Ammo telefoningizni uyda topa olmasangiz yoki uni yo’qotib qo’ysangiz va kimdir buni topsa, ADM ajralmas yordamchi bo’ladi. Albatta, veb-versiyadan tashqari, Android uchun ishlashi shunga o’xshash dastur mavjud.

Windows Phone yo’qolgan bo’lsa, qanday topish mumkin?

Ushbu turdagi OS kamroq tarqalgan, lekin ular ham yo’qotilgan vaziyatlar bo’ladi. Ushbu turdagi qurilmani topish uchun «Find my phone» nomli xizmat mavjud. Bu holda ham xizmat qurilma Microsoft akkaunti bilan bog’langan bo’lsagina ishlaydi. Akkumulyatorning quvvatini tejash uchun ushbu funktsiya dastlab o’chirilgan bo’ladi. Uni yoqish uchun sozlamarning System bo’limiga, Find my phone sahifasiga o’tib, har ikkita parametrni yoqish kerak.

Smartfonning joylashuvini ko’rish uchun, maxsus veb-saytga kirish kerak. Unda shuningdek masofadan boshqarish funktsiyalari ham bor.

Telefon yo’qolsa nima qilish kerak?

Telefonni hech qanday tarzda topa olmasangiz, unda bitta yo’l bor. Avval telefoningiz sizga tegishli ekanini tasdiqlaydigan dalillar to’plang. Qurilmaning qutisi va hujjatlarni toping. Agar siz to’lovni karta orqali amalga oshirgan bo’lsangiz, egalikni tasdiqlovchi hujjatlarni qayta tiklash uchun hatto sotuvchiga murojaat qilishingiz ham mumkin. Xullas, hech bir dalil ortiqchalik qilmaydi.

Barcha dalillar to’planganda, to’g’ri mahalliy militsiya bo’limiga boring (ammo telefoningiz qanday o’g’irlanganligini bilsangiz, buni darhol bajarishingiz mumkin). U yerda siz o’g’irlik sodir bo’lgani haqida bayonot yozishingiz kerak, militsiyadan arizangiz qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjatni olishni unutmang. Shuningdek, militsiya xodimlariga taqdim etgan hujjatlarni nusxasini saqlab qolishni esdan chiqarmang, yaxshisi ularga nusxasini berib, aslini o’zingizga olib qoling.

SIM-kartangizni bloklashni ham unutmang, chunki buzg’unchi qanday fikrda ekanligini bilib bo’lmaydi. Shuningdek, operator ham telefoningizning joylashuvini aniqlashi mumkin, ammo buning uchun so’rov faqatgina tergov tomonidan yuborilishi kerak, siz qilgan bunday murojaat rad etiladi.

Umidlar intihoda o’ladi. Lekin telefoningiz topilmasligi mumkinligini esda tuting. Tushkun ahvolga tushib qolmang, kelgan balo shunga uradi, qolaversa, bu o’zingiz uchun yanada zamonaviyroq qurilma sotib olish yaxshi bahona hisoblanadi. Har qanday holatda, telefon faqatgina qurilmadir va uni yo’qotish qayg’uli holat bo’lishiga qaramasdan, hayotda bundanda qayg’uli hodisa sodir bo’lishi ham mumkin edi.

ask1nfo

Share